6 Iyul 2020 yil 720

Kun qahramoni: Normetov Ruslan O‘ktamboyevich

1987 yili Shovot tumanidagi Qangli qishlog‘ida tug‘ilgan. 2012 yili IIV Akademiyasining Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursini yakunlab, Xorazm viloyati IIB YHXB alohida otryadi 4-safarbarlik guruhi YPX inspektori vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. Joriy yilning mart oyidan  boshlab viloyat IIB YHXB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi guruhi YPX inspektori vazifasida xizmat qilmoqda.

Katta serjant Ruslan Normetov joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l harakati qoidalariga rioya etmagan 1244 nafar haydovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Shundan 157 nafari quvib o‘tish qoidasini buzgan, 119 nafari transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqargan, 61 nafari transport vositasi oynalarining tusini o‘zgartirgan bilan bog‘liq qoidabuzarliklar sodir etgan haydovchilardir.

...Gurlan tumani hududida xizmat vazifasini bajarayotgan katta serjant Ruslan Normetov yo‘l chetida “VAZ-2103” rusumli avtomashina yonida bezovta holda turgan keksa kishini uchratib qoladi. O‘zini Davlatyor deb tanishtirgan otaxon kelinini tug‘ruqxonaga olib borayotganini, aksiga olib avtomashinasi buzilib qolganini aytadi. Qahraton qish. Avtomashinalar harakati deyarli to‘xtagan. YPX inspektori darhol otaxon va uning kelinini xizmat avtomashinasiga o‘tirg‘izib, tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limiga olib bordi. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan beg‘araz yordamdan xursand bo‘lgan Davlatyor ota unga minnatdorlik bildirdi.

Lavhamiz qahramoni xizmat faoliyati davomida bu kabi ko‘plab voqea-hodisalarning guvohi bo‘lganligini, xolis niyat bilan qilingan har qanday ezgu va xayrli ish inson hayotining bezagi bo‘lishini alohida taʼkidlaydi.  

Zimmasidagi vazifalarni masʼuliyat bilan bajarayotgan YPX inspektori, katta serjant Ruslan Normetov boshqarma rahbariyati tomonidan bir necha bor rag‘batlantirilgan.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.

Xorazm viloyati.

Text to speech