3 Oktyabr 2021 yil 505

Bayramlar yaqinlarni yo‘qlab borish, samimiy tilaklar izhor etish bilan yana-da zavqlidir

Bunday ezgu ishlar so‘nggi yillarda Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining faoliyatining ajralmas qismiga aylanda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xorazm viloyati IIB rahbariyati 1 oktyabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan uzoq yillar o‘qituvchi va murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanib, ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan bir guruh faxriylarning xonadoniga tashrif buyurdi.

Bog‘otlik Shokir aka Razzaqov 75 yoshni qarshilayotgan bo‘lishiga qaramasdan umumtaʼlim maktabida o‘quvchilarga tarix fanidan saboq berib kelmoqda. Viloyat IIB xodimlarning Shokir aka xonadoniga bayram arafasida yo‘qlab kelishi bejiz emas albatta, boy hayotiy va pedagogik tajribaga esa ushbu insonning siymosida butun o‘qituvchi-pedagoglarga boshqarma shaxsiy tarkibining hurmati izhor etildi.

Uzoq yillar o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan Anagul opa Razzaqova bugun keksalik gashtini surayotgan bo‘lsada, yoshlarni tarbiyalash va o‘qitish jarayonlarida o‘zining boy ilmiy va hayotiy tajribasini shogirdlariga o‘rgatishdan erinmaydi. Kamtarligi sababli xalq orasida yuksak hurmatga ega. Shu boisdan Anagul opaning xonadoni ham bayram kuni ichki ishlar xodimlarining tashrif manzili bo‘ldi.

Uzoq yillar mamlakatimiz sud-huquq tizimida faoliyat yuritgan O‘ktam aka Rahimov hozirda keksalik gashtini yurayotgan bo‘lsada, o‘zining bilim va tajribasini yoshlarga o‘rgatishdan erinmaydi. Bayram munosabati bilan xonadoniga Xorazm viloyati IIB xodimlarining qutlab kelishi O‘ktam akani ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi.

Ayni kunlarda tabarruk 80 yoshni qarshilagan Ozod ota Masharipov ham uzoq yillar yoshlarga taʼlim bergan ustozlardan biri. Bugun farzandlari va nevaralari davrasida umrguzaronlik qilayotgan Ozod otaga ham viloyat IIB boshlig‘ining bayram tabriknomasi va sovg‘alari topshirildi.

Tarixshunos Komiljon aka Nurjanov tomonidan voha tarixini o‘rganish, uni kelgusi avlodga yetkazish borasida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar har qancha tahsinga loyiq. Mehmonlar Komiljon akani bayram bilan qutlar ekan, u tomonidan amalga oshirilgan ishlar tarix zarvaraqlaridan munosib joy egallayotganligini ham alohida eʼtirof etib o‘tdilar.

Faxriylarning barchasiga viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ajratilgan bayram sovg‘alari topshirildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech