9 Iyun 2020 yil 852

Bir milliard so‘m talab қилганди....

Insofi meʼyor doirasidan chiqqan ayrim kimsalarga nisbatan “nafsi o‘pqon ekan” degan ibora ishlatiladi.

Urganch shahrida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro B.J.ning nafsiga taʼrif berishda yuqoridagi iboraga qo‘shimcha ravishda “fantastik darajada” qo‘shimchasini bemalol qo‘shsa bo‘ladi.

Chunki, B.J. 2020 yil 31 may kuni Urganch shahrida yashovchi fuqaroning (tergov siri va shaxsiy hayot daxlsizligini inobatga olgan holda ushbu shaxs to‘g‘risidagi maʼlumotlar oshkor etilmadi) shaxsiy hayotiga doir videomateriallarni qo‘lga kiritgach o‘zining nafs o‘lchamini ayon qildi.

Qo‘lidagi videomateriallarni “daromad manbai” deb bilgan B.J. uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik evaziga videolavha “qahramoni”dan naqd 1 000 000 000 (bir milliard) so‘m pul talab qildi.

O‘zining shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlar keng ommaga tarqalish xavfi oldida turgan ushbu shaxs hech ikkilanmasdan tovlamachining talabi to‘g‘risida Xorazm viloyati IIB ga ariza bilan murojaat qildi.

B.J. o‘zi talab qilgan  1 000 000 000 so‘mning bir qismini, yaʼni  90 million so‘m pul va 20 000 AQSH dollarini 2020 yil 4 iyun kuni olayotgan paytida, Xorazm viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondor B.J. ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech