25 Iyun 2020 yil 645

Xorazm viloyatida qariyb 16 million so‘mni tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan yigit jinoyat ustida ushlandi.

Urganch tumanida yashovchi M.A. ismli ayol 2020 yil 24 iyun kuni Xorazm viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘zining arizasida, 1998 yilda tug‘ilgan qizining intim rasmlarini qo‘lga kiritgan, Urganch tumanida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.R. ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu rasmlarni tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, shu paytgacha 9 600 000 so‘m miqdorida pul va qimmatbaho uyali telefonini olgan bo‘lsada, yana 15 860 000 so‘m miqdorida pulni tovlamachilik yo‘li bilan talab qilayotganligini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur murojaatni o‘rganish uchun Xorazm viloyati IIB JQB Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari  tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Sh.R. talab qilingan summadagi pulni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Yigitlik g‘ururini unutib, ayollarga nisbatan tovlamachilik qilgan ushbu shaxsga  nisbatan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech