16 Fevral 2023 yil 397

Xorazm viloyatidagi bir qator tuman ichki ishlar bo‘limlariga yangi rahbarlar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining joriy yil 11 fevral kuni shaxsiy tarkib bo‘yicha imzolagan buyrug‘iga ko‘ra Xorazm viloyatining bir qator tuman ichki ishlar bo‘limlariga yangi rahbarlar tayinlovi amalga oshirildi.

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov raisligida mazkur buyruqni tegishli tuman ichki ishlar bo‘limlarining shaxsiy tarkibiga yetkazish hamda joylarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, shuningdek hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, Urganch tumani ichki ishlar bo‘limida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda, tuman IIB boshlig‘i lavozimida xizmat qilib kelgan podpolkovnik G‘ulomjon Sharipov Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlanganligi, shu bilan birgalikda podpolkovnik Bekzod Xaitbayev Urganch tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlanganligi eʼlon qilindi.

Xiva tumani IIB da bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda podpolkovnik Akmal Matchanov Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan tuman IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlanganligi ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazildi.

Podpolkovnik O‘tkirbek Xusainov Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan Qo‘shko‘pir tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlanganligi ham shu tuman shaxsiy tarkibi ishtirokida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda eʼlon qilindi.

Ichki ishlar organlarida ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan podpolkovnik Qadamboy Sobirov Shovot tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Tuman IIB da bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu tashkiliy masala bilan bir qatorda hududda jinoyatlarni oldini olish borasidagi ishlar ham tahlil etildi.

Kun tartibiga asosan tashkiliy masala qo‘yilgan navbatdagi tezkor yig‘ilish Xonqa tumani IIB da ham bo‘lib o‘tdi. Unda mayor Ixtiyor Allaberganov Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan Xonqa tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlanganligi to‘g‘risida eʼlon qilindi.

Xuddi shuningdek podpolkovnik Xushnud Masharipov o‘z faolitiyani endilikda Tuproqqalʼa tumani IIB boshlig‘i lavozimida davom ettiradigan bo‘ldi. Ichki ishlar vazirining bu to‘g‘risidagi buyrug‘i tuman shaxsiy tarkibi ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat IIB boshlig‘i eʼlon qildi.

Hazorasp tumani IIB da bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda tuman sektor rahbarlari va IIB shaxsiy tarkibi ishtirok etdi. Yig‘ilishda raislik qilgan viloyat IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov Ichki ishlar vazirining shaxsiy tarkib bo‘yicha buyrug‘ini o‘qib eshittirdi, unga ko‘ra podpolkovnik Jasurbek Madaminov Hazorasp tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i yangi tayinlangan tuman IIB boshliqlariga kelgusida faoliyatlarida muvaffaqiyat, Vatanga va halqqa sadoqat bilan xizmat qilishda omad tilagan xolda, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali xalqning roziligini olish yuzasidan topshiriqlar berdi. 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech