28 Sentyabr 2022 yil 360

Jinoyatlarni fosh etishda ekspert-kriminalistlar alohida o‘rin tutadi

Maʼlumki pinhona sodir etilgan har qanday jinoyatlarni fosh qilishda ekspert-kriminalistlarning mahorati va tajribasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa qasddan odam o‘ldirish jinoyatlarni fosh etishda ekspert-kriminalistlarga yuqori masʼuliyat yuklanadi. Chunki, asosiy jabrlanuvchi guvohlik bera olmaydigan bu kabi jinoyatlarni fosh etishda ekspert-kriminalist hodisa joyidagi har bir detalni sinchkovlik bilan o‘rganishi va taʼbir joiz bo‘lsa uni “so‘zlatishi” lozimdir. Bu esa ekspert-kriminalist va bu turdagi jinoyatlarni tergov qiluvchi tergovchilarning kasbiy bilim va mahoratlarini doimiy ravishda oshirib borishni taqozo qiladi.

Ana shundan kelib chiqqan holda Xorazm viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi va Xorazm viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari ishtirokida qo‘shma o‘quv-amaliy mashg‘uloti o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotida viloyat prokuraturasi masʼul xodimi tomonidan qotillik jinoyatini tergov qilishda rioya qilishini lozim bo‘lgan protsessual talablar to‘g‘risida nazariy jihatdan batafsil tushuntirilgan bo‘lsa, viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazining malakali ekspert-kriminalistlari esa qotillik jinoyati bo‘lgan xolatlarda hodisa joyini ko‘zdan kechirish, murdaning shaxsiga aniqlik kiritish va ashyoviy dalillarni rasmiylashtirib olishni mulyajlardan foydalangan holda ko‘rsatib berdilar.

Bu kabi o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarning muntazam o‘tkazib borilishi tergovchilar va ekspertlarning kasbiy malakasini oshirish bilan birgalikda ularning o‘zaro hamkorligini yana-da mustahkamlashi shubhasiz.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati  

Text to speech