4 May 2023 yil 357

 Kasbiga sadoqatli ayol: serjant Nigora Nurmetova   

Lavhamiz qaxramoni serjant Nigora Nurmetova o‘zining fidoyiligi, kasbga bo‘lgan sadoqati bilan hamkasblarining izzat-hurmatiga sazovor bo‘layotgan xodimalardan biri. U mana 22 yildirki, Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida sidqidildan xizmat qilib kelmoqda.    

Urganch shahridagi buxgalterlar tayyorlash maktabini tamomlagan Nigora viloyat IIB SHTBIX tomonidan o‘tkazilgan sinovlarda o‘z omadini sinab ko‘rdi. Ammo yetarli ball to‘play olmadi. U bundan tushkunlikka tushmadi. Aksincha o‘qidi, izlandi. Jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashdi. Anashunday kunlarning birida u viloyat IIB huzuridagi Qo‘riqlash bo‘limi tomonidan erkin yollangan ishchi-xizmatchi lavozimiga tanlov asosida ishga qabul qilish haqidagi eʼlonni o‘qib qoldi. Yetarli bilim va mahoratga ega bo‘lgan bu qiz tanlovda ishtirok etdi va moliya-iqtisod bo‘limiga erkin yollangan hisobchi lavozimiga xizmatga qabul qilindi. Endi u yurt tinchligi, aholi xavfsizligini taʼminlash, qo‘riqqa olingan maskanlarni ishonchli va kafolatli himoya qilish naqadar mashaqqatli hamda masʼuliyatli vazifa ekanligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, dildan his qildi. Sakkiz yil erkin yollangan hisobchi vazifasida mehnat qilgan Nigora Nurmetova viloyat IIB SHTBIX tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sinov imtihonida yana ishtirok etdi. Intilganga tole yor, deb bejizga aytishmagan. Kasbga bo‘lgan intilish, bilim olishga bo‘lgan ishtiyoq o‘zining ijobiy samarasini berdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Nigora Nurmetovani o‘zi xizmat qilayotgan qo‘riqlash boshqarmasiga hisobchi lavozimiga xizmatga qabul qilishdi. Endi u zimmasidagi vazifani egniga xizmat formasini kiygan holda davom ettirdi. Yurt osoyishtaligini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifani bajarishga astoydil ahd qilgan lavhamiz qaxramoni ustozi serjant Zulfiya Abdukarimovadan kasb sirlarini yana-da chuqurroq o‘rganishga harakat qildi. Xizmatga oid qo‘llanmalarni, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qunt bilan o‘qib o‘rgandi. Shundan so‘ng u Xonqa tumani IIB huzuridagi Qo‘riqlash bo‘limi, viloyat IIB JQ va TQKB hamda viloyat IIB JQBlarida samarali xizmat qildi. Ayni kunda serjant Nigora Nurmetova viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati tashkiliy-muvofiqlashtirish bo‘limining kanselyariya boshlig‘i lavozimida xizmat faoliyatini davom ettirmoqda.

-Nigora Nurmetova eng tajribali xodimalarimizdan biri,-deydi viloyat IIB MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Dilnoza Bog‘ibekova.-U o‘zining uzoq yillik xizmat faoliyati davomida ko‘plab muhim tadbirlarda faol ishtirok etdi va samarali natijalarga erishdi. Qolaversa, tajribali murabbiy sifatida o‘ttizdan ortiq yosh xodimlarga ustozlik qildi. Ayni kunda ular yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli vazifada sidqidildan xizmat qilishyapti.

Serjant Nigora Nurmetova xizmat faoliyati davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari hamda fidoyi xizmati uchun O‘zbekiston Respublikasi IIV hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan munosib tarzda rag‘batlantirilgan.

Komil farzandlar ota-ona kasbining davomchilari bo‘lishadi. Darhaqiqat, lavhamiz qaxramonining to‘ng‘ich farzandi Erkinboy Xudaybergenov onasi izidan borib, ichki ishlar organlarida ishlashga ahd qildi. Ayni kunda leytenant unvoniga ega bo‘lgan bu yigit IIV Akademiyasining Kadrlar bo‘limida xizmat qilmoqda. Qizi Mardona Xudaybergenova esa viloyat IIB Tibbiyot bo‘limida hamshira.

El-yurt osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan serjant Nigora Nurmetova singari g‘ayrat-shijoatli ayollarimizga har qancha tahsinlar aytsak arziydi.

 

                                                                     Xudoybergan JABBOROV,

                                                                           “Postda” muxbiri. 

Text to speech