5 Iyul 2020 yil 807

Kitob – hayot yo‘llarimizni yorituvchi chiroqdir

So‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisi orasida kitob mutolaasiga qiziqishning ortganligini ijobiy yutuqlardan biri desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Turli yoshdagi insonlar o‘rtasida “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovining tashkil etilganligi ham bu boradagi ishlarni yana-da tezroq rivojlanishiga turtki bo‘ldi.

Dastlab turli yoshdagi shaxslar o‘rtasida tashkil etilgan ko‘rik-tanlov keyinchalik turli soha vakillari o‘rtasida ham yo‘lga qo‘yildi.

Mana ikki yildirki Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida ham “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.

Albatta ushbu ko‘rik-tanlovning yuqori saviyada o‘tishi xodimlarning kitobga qanchalik oshno ekanligi bilan bog‘liqdir.

Xorazm viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi tashabbusi bilan ichki ishlar organlari xodimlari orasida hamda ularning oilalarida kitobxonlikni keng targ‘ib etish va kitob mutolaasini yuksaltirish maqsadida, kitob savdosi yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkaga ichki ishlar organlari xodimlari bilan birga ularning oila aʼzolari va farzandlari ham taklif etildilar.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beruvchi tadbirkorlar tomonidan kitoblarning arzon bahoda taklif etilishi, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kitoblarning ko‘p miqdorda sotib olinishiga zamin yaratdi.

Albatta, inson o‘zining hayot yo‘lini yorituvchi chiroq sifatida kitobni tanlasa,  aslo adashmaydi.

Urganch shahrida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari uchun tashkil etilgan mazkur kitob yarmarkasi bir xafta davom etadi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech