14 May 2022 yil 1019

Maʼnaviyat va maʼrifat darsi: Sog‘lom turmush sari sport va sanʼat bilan

Хorazm viloyati ichki ishlar organlarida “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Chunki, ichki ishlar organlari xodimlarini ona-Vatanga va xalqiga sodiq, kasbiga fidoyi, mustaqil fikrlaydigan, izlanuvchan, intiluvchan, ziyrak, hushyor hamda istiqlol g‘oyalariga sadoqatli bo‘lgan maʼnaviyatli va maʼrifatli qilib tarbiyalashda aynan “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari”ning o‘rni beqiyosdir.

“Sog‘lom turmush tarzini shakllanishida ijtimoiy muhitlarning tutgan o‘rni” “OITS kasalligining kelib chiqishi va oqibatlari” hamda “Sanʼatga oshno ko‘ngillar” nomli mavzular asosida 14 may kuni o‘tkazilgan navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” ham ichki ishlar organlari xodimlarining siyosiy-huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini yana-da boyitishga hissa qo‘shdi  desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xususan, mashg‘ulotda Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali jamoat salomatligi va sog‘liqni saqlashni boshqarish kafedrasi mudiri, professor Ibadulla Abdullayev “Sog‘lom turmush tarzini shakllanishida ijtimoiy muhitlarning tutgan o‘rni” mavzusida so‘zga chiqib, sport bilan shug‘ullanish va to‘g‘ri ovqatlanishning inson organizmga foydasi to‘g‘risida batafsil tushuntirsh bergan bo‘lsa, viloyat OITS markazi masʼul xodimi Dilshodbek Allamov tomonidan viloyatimizda OIST kasalligi bilan kasallanish statistikasi hamda tarqalish usullari to‘g‘risida bergan maʼlumotlari ham shaxsiy tarkibning bu boradagi bilimlarini oshirishga hissa qo‘shdi.

Bundan tashqari “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi”ga “Sanʼatga oshna ko‘ngillar” rukni ostida mexmon sifatida taklif etilgan, Xorazm akademik drama teatri solist-vokalisti, O‘zbekiston xalq artisti Gulora Rahimova tomonidan ijro etilgan “To‘maris” va “Oshiq G‘arib va Shoxsanam” spektakllariga bastalangan ariya va monologlar esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

“Maʼnaviyat va maʼrifat darsi”ni yuqori saviyada o‘tkazilishi borasidagi hamkorligi uchun mexmonlarga kitoblar jamlanmasi va guldastalar sovg‘a qilindi.

O‘z navbatida professor Ibadulla Abdullayev ham o‘zining inson salomatligini saqlashga oid navbatdagi yangi kitobini xodimlar o‘qishi uchun boshqarma kutubxonasiga taqdim etdi.

Shuni taʼkidlab o‘tish lozimki 14 may kuni Xorazm viloyati IIB tarkibidagi barcha sohaviy va hududiy ichki ishlar organlarida “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari” mana shunday yuqori saviyada tashkil etildi.

     Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech