15 Iyul 2022 yil 355

Mehmonxonalarda profilaktik tadbirlar olib borilmoqda

Xorazm viloyati hududidagi mehmonxonalarda fuqarolarni qabul qilish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga rioya qilinishi yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.  Viloyat IIB XTTB, M va FRB hamda viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirlarda mehmonxona masʼullariga huquqiy normalarga rioya qilgan holda ish yuritish hamda turistlar xavfsizligini taʼminlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlash zarurligi tushuntirib o‘tildi. Shuningdek, tadbir davomida mehmonxona xodimlari sayyohlarni viloyatga tashrifi davomida bilishi lozim bo‘lgan barcha maʼlumotlar bilan taʼminlashi yaʼni hududda joylashgan tarixiy obidalar, ularning joylashuv manzili, yo‘l xaritasi, tibbiyot maskanlari, tashkilotlar hamda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi transportlarning harakat yo‘nalishi, hududda joylashgan ichki ishlar organlari tayanch punktlarining aloqa telefonlari, joylashuvi to‘g‘risidagi maʼlumotlar bilan tanishtirishi va bu boradagi maxsus dasturiy taʼminotni mobil qurilmalariga yuklab olishlarida amaliy yordam berishlari tushuntirildi.

O‘rganishlar davomida mehmonxonalarga viloyat IIB XTTB shaxsiy tarkibining xizmat faoliyati va ularning aloqa maʼlumotlari hamda chet el fuqarolarining O‘zbekistonga kirish, chiqish hamda bo‘lish qoidalari to‘g‘risida batafsil axborot beruvchi rus va ingliz tillarida tayyorlangan bukletlar tarqatildi.

Amalga oshirilayotgan bunday profilaktik tadbirlar natijasida viloyatga tashrif buyurayotgan xorijlik hamda mahalliy turistlarning samarali sayohati, dam olishi, madaniy xordiq chiqarishi va eng muhimi xavfsizligi taʼminlanmoqda.

                                                                      Xudoybergan JABBOROV,

                                                                              “Postda” muxbiri.

Text to speech