16 Sentyabr 2021 yil 427

Murojaatlar bilan ishlash masalasida seminar-trening bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2021 yilga mo‘ljallangan faoliyat dasturiga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida, joriy yilning 16 sentyabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida seminar-trening tashkil etildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi S.Mamadiyev, O‘zbekiston Respublikasi IIV murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi xodimi podpolkovnik Sh.Quychiyev, Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik A.Po‘latov, ichki ishlar organlarining murojaatlar bilan ishlashga masʼul bo‘lgan xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorazm viloyatidagi Xalq qabulxonasi xodimlari ishtirok etishdi.

Seminar-trening davomida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasiga tushayotgan ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar haqida alohida to‘xtalib, ularni hal etish jarayonida uchrab turgan ayrim kamchiliklar hamda bartaraf etish yo‘llari haqida o‘zaro fikr almashdilar.

Ayniqsa, yo‘l harakati xavfsizligi, tergov, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish yo‘nalishlaridagi murojaatlar tahlil etilib, takroriy murojaatlar qilishga zarurat tug‘dirmaslik, buning uchun har bir murojaatga dastlabki bosqichdayoq jiddiy eʼtibor qaratish va masʼuliyat bilan yondashish bo‘yicha zarur tavsiyalar, maslahatlar berildi.

Seminar-treningda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha masʼul xodimlarning fikr va mulohazalari tinglanib, mavzuga oid savollari yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech