22 Dekabr 2022 yil 396

O‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam tufayli fuqaroning hayoti saqlab qolindi 

Joriy yilning 17 dekabr kuni tungi soat 02.30larda “Xavfsiz hayot” mobil ilovasi orqali chaqiruv eʼlon qilindi. Shu yaqin atrofda xizmat vazifasini o‘tayotgan Xorazm viloyati IIB JXX JTSB PPX batalyoni 1-otryad haydovchi xodimi, kichik serjant Razzoq Abdullayev hamda 2-otryad safdor xodimi, safdor Toxir Shamakovlar darhol mobil ilova orqali chaqiruv yuborgan fuqaro bilan bog‘lanishdi. U Urganch shahridagi “Mashʼal” mahallasi hududidan o‘tuvchi “Shovot” kanalida nomaʼlum kimsa muz yorilib ketishi oqibatida suvga tushib ketgani, zudlik bilan unga yordam berilmasa hayoti xavf ostida ekanligini aytdi. Tezkor maʼlumotga ega bo‘lgan PPX batalyoni xodimlari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, kanaldagi fuqaroni suvdan olib chiqishdi va unga tez tibbiy yordam ko‘rsatishdi.

Surishiruvlar davomida fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritildi va hodisa sabablari o‘rganildi.

-Tanishlarimdan biri to‘yga taklif qildi,-deydi Urganch tumanida yashovchi B. Bahodir qilmishidan afsuslangancha.-To‘yxonada spirtli ichimlik isteʼmol qilganimdan kayfim oshib qoldi. To‘y yakunlangach, uyga qaytish niyatida taksi kuta boshladim. Ammo vaqt allamahal bo‘lgani uchunmi taksi ham uchramadi. Xullas, yayov uyga qaytishga qaror qildim. Shahardagi “Shovot” kanali ko‘prigidan o‘tayotib, muz ustida biroz sayr qilgim kelib qoldi. Kanalga tushib, to‘rt, besh qadam yurishim bilan muz yorilib suvga tushib ketdim. Baxtimga kanalning sayozroq joyi ekan. Shunday bo‘lsa-da, bir zumda oyoqlarim loyga botib, harakatlanolmay qoldim. Bir necha bor qirg‘oqqa chiqishga urindim. Ammo tun sovug‘i tufayli tan-badanim bir zumda muzlab qoldi. Vaqt o‘tgan sayin oyoqlarim loyga botib, cho‘ka boshladim. Ilojsiz qolganimdan “Yordam beringlar!”, deya qichqira boshladim. Yarim tun bo‘lgani uchun yon-atrofda hech kim ko‘rinmadi. Sovuqdan titray boshladim. Jon talvasasida yordam so‘rab qichqirishda davom etdim. Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, qanal qirg‘og‘ida bir yigit paydo bo‘ldi. Xoloskorimni ko‘rib, sevinchim ichimga sig‘may ketdi. U menga yordam berishga ko‘zi yetmadimi, darhol kimgadir qo‘ng‘iroq qila boshladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay PPX batalyoni xodimlari yetib kelishdi va qaxraton qishning sovug‘iga qaramay suvga tushib meni kanaldan olib chiqishdi. Ichkilik tufayli mana shunday noxush ahvolga tushib qolganimdan juda-juda afsusdaman. Bu hodisa menga chinakam saboq bo‘ldi. Xoloskorlarimning o‘z vaqtida ko‘rsatgan beg‘araz yordami tufayli omon qoldim. O‘zim va oilam nomidan bu fidoyi insonlarga minnatdorlik bildiraman. Doimo xalqimizning hurmat-eʼtiborida bo‘lishsin!

Oramizda yurtimiz, mehnatkash xalqimiz uchun jon fido qiladigan mard va jasur insonlar juda ko‘p. Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi.

 

                                                                              Xudoybergan JABBOROV,

                                                                                     “Postda” muxbiri.

Text to speech