9 Sentyabr 2020 yil 1552

“Qoradori-2020”: Giyohfurushlarning qilmishlari fosh etildi

Xorazm viloyatida “Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tayotganligi va tadbir davomida kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish va yetishtirish bilan bog‘liq bir necha holatlar fosh etilganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Endi esa “Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbirning ikkinchi bosqichi davomida Xorazm viloyati ichki ishlar organlari tomonidan fosh etilgan,  giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olish, saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq jinoiy holatlar yuzasidan maʼlumot beramiz.

Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 28 avgust kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, Urganch shahrida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan, ilgari giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, M.X. bitta gugurt qutisiga joylangan “marixuana” giyohvandlik vositasini 500 000 so‘mga sotayotganida ushlandi. Shuningdek uning boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashina holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina salonida alohida qadoqlangan yana ikki bo‘lak “marixuna” giyohvandlik vositasini kelgusida o‘tkazish maqsadini ko‘zlab saqlab qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi.

Joriy yilning 10 avgust kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, bitta gugurt qutisiga joylashgan “marixuna” giyohvandlik vositasini sotayotgan, Urganch shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan, U.X. ning qilmishlari fosh etildi. Surishtiruv jarayonida u giyohvandlik vositasini , hamshahari, 1983 yilda tug‘ilgan, ilgari giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, U.B. dan olganligi maʼlum bo‘lgach, U.B. ga tegishli qahvaxona ko‘zdan kechirilganida,  u yerdan yana uchta gugurt qutisiga joylangan “marixuna” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Afsuski, ayrim xotin-qizlar ham giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olish, saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urmoqdalar.

Xususan, joriy yilning 7 sentyabr kuni viloyat IIB va DXX xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, 35 gramm og‘irlikdagi “opiy” giyohvandlik vositasini 12 million so‘mga pullamoqchi bo‘lgan, shu shaharda yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan, F.O. ismli ayolning qilmishiga chek qo‘yildi. Ushbu ayol o‘z uyida kelgusida o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, yana bir bo‘lak “opiy” giyohvandlik vositasini saqlab qo‘yganligi tintuv jarayonida maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yilning 2 sentyabr kuni ichki ishlar organlari tomonidan Urganch tumanida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda esa, shu tumanda yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan, M.R. ismli ayol “gashish” giyohvandlik vositasini 600 000 so‘mga sotayotgan paytida qo‘lga olindi. Hayratlanarli tomoni shundaki, 26 yoshni qarshilagan ushbu ayol joriy yilning 13 avgust kuni giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 5 000 000 million so‘mga pullayotgan paytida ushlangan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan edi.

Giyohfurushlikka qo‘l urgan yuqoridagi shaxslarning barchasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aziz yurtdoshlar! Giyohvandlik bu illatdir, uni kundalik hayotingizga kirib kelishiga aslo yo‘l qo‘ymang.

“Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbiri davom etmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech