18 Avgust 2022 yil 352

“Qoradori-2022”: Giyohfurushlik maqsadida jinoiy til biriktirgan shaxslarning qilmishi fosh etildi

Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan “Qoradori-2022” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida olib borilgan chora-tadbirlar naktijasida, taqiqlangan ekinlarni, yaʼni, tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan bir guruh shaxslarning jinoiy qilmishi fosh etildi.

Jumladan, joriy yilning 12 avgust kuni viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda Urganch shahrida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan, Yu.Q. 5 ta gugurt qutisiga joylashtirilgan “marixuna” giyohvandlik vositasini tanishiga 1 000 000 million so‘mga sotayotgan paytida qo‘lga olindi.

Surishtiruv jarayonida u ushbu giyohvandlik vositasini Hazorasp tumanida yashovchi, ilgari giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, 1985 yilda tug‘ilgan, D.M. dan sotib olganligi aniqlanganligi sababli, shu kuni nazorat tartibida o‘tkazilgan tadbirda D.M. o‘zining doimiy “mijoz”iga takroran 5 ta gugurt qutisiga joylashtirilgan “marixuna” giyohvandlik vositasini 1 000 000 so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shundan keyin olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida ushbu “marixuana”ni yetkazib berayotgan shaxsni ham aniqlashga erishildi. Hazorasp tumanida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan, I.B. uyining tomorqasida tarkibida giyohvandlik vositasini saqlovchi 3 tup “kannabis” o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olinib, jamiyatda “zahri qotil”ni tarqatish maqsadida o‘zaro til biriktirgan yuqoridagi shaxslarning qilmishiga chek qo‘yildi.

Xolat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech