31 May 2020 yil 315

Rasmiy munosabat: Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Davlat Rustamovich Xudaykulov nomli foydalanuvchisi tomonidan eʼlon qilingan fotoxabar yuzasidan

Rasmiy munosabat:   

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Davlat Rustamovich Xudaykulov nomli foydalanuvchisi o‘zining sahifasida 2020 yil 19 may kuni fotoxabar joylashtirgan bo‘lib, unda “Xorazm viloyati Urganch tumani ichki ishlar boshqarmasi yonida ikkinchi qatorga to‘xtab turgan va piyodalar yo‘lakchasi bilan oraliq masofasi ham bir yarim metrni tashkil qiladi, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmayotgan 90 323 VSF raqamli YPX inspektoriga kim chora ko‘rishi kerak deb o‘ylaysiz. Oddiy fuqarolar mana shunday to‘xtash qoidasiga amal qilmasa, qanday chora ko‘rilishi mumkin deb o‘ylaysiz” degan jumlalar keltirilib, fotosurat ilova qilingan.

Mazkur fotoxabar Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganida, 90 323 VSF davlat raqam belgili xizmat avtomashinasi Xorazm viloyati Urganch tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati katta inspektoriga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan bo‘lib, fotosuratda qayd etilgan holatda ushbu xodim Urganch tumani IIB maʼmuriy binosiga kirish paytida yo‘lning har ikki tomonida ham avtomashinalar to‘xtab turganligi sababli, o‘zining boshqaruvidagi avtotransport vositasini yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda yo‘lning qatnov qismida to‘xtatib, o‘zi maʼmuriy binoga kirib ketganligi maʼlum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan ushbu xodimga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-6-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech