6 Dekabr 2020 yil 455

Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlarda “Hazorasp tumanida Gai xodimi tomonidan haydovchiga nisbatan kuch ishlatildi-mi?” nomli sarlavha ostida tarqalgan videolavha yuzasidan

Joriy yilning 6 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda YPX inspektori va Transport boshqarmasi xodimining bir nafar shaxsni majburiy tartibda YPX inspektorining xizmat avtomashinasiga o‘tirg‘izishga urinayotgani aks etgan videolavha tarqalgan.

Ushbu videolavhada holat ishtirokchilarining o‘zaro muloqoti eshitilmagan bo‘lsada, videotasvirga olayotgan shaxs YPX inspektori haydovchiga nisbatan kuch ishlatayotgani va xizmat avtomashinasining davlat raqam belgisi 210 ekani, jarayon Hazorasp tumanida sodir bo‘lganligini aytib o‘tgan.

Mazkur holatni Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganish natijasida quyidagilarga aniqlik kiritildi:

2020 yil 6 dekabr kuni Hazorasp tumanida litsenziyasiz yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan haydovchilarni aniqlash maqsadida Yo‘l harakati xavfsizligi va Transport boshqarmalari tomonidan qo‘shma reyd o‘tkazilgan.

Shu kuni soat 11:20 larda tumanning “Ovshar” qishlog‘i hududidan o‘tgan 4R156 avtomobil yo‘lining 55-kilometrida xizmat olib borayotgan YPX inspektori tomonidan 90 T 275 LA davlat raqam belgili avtomashina to‘xtatilib, haydovchidan avtomashina boshqarish va yo‘lovchi tashish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etish so‘ralganida, haydovchi noqonuniy xatti-harakatlari uchun nazarda tutilgan javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida, YPX inspektorining qonuniy talabini bajarishdan asossiz bo‘yin tovlab, biron-bir hujjatini taqdim qilmagan.

Shundan keyin YPX inspektori va Transport boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan haydovchining shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida hududiy ichki ishlar organiga borish taklif etilganida, haydovchi u yerga borishdan ham qasddan bo‘yin tovlagan.

YPX inspektori haydovchi tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik holatlariga chek qo‘yish va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini taʼminlash maqsadida haydovchiga nisbatan kuch ishlatgan.

O‘zbekiston Respublikasining 16.09.2016 yildagi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunini “Jismoniy kuch ishlatish” deb nomlangan 22-moddasida “Agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, u quyidagi hollarda shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi:

jinoyatlarga va maʼmuriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun;

jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun;

ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun” deb ko‘rsatib o‘tilgan.

YPX inspektori tomonidan majburiy tartibda hududiy ichki ishlar organiga olib borilgan ushbu haydovchiga nisbatan huquqbuzarliklari yuzasidan tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va uning huquqbuzarligiga chek qo‘yilgan. Jismoniy kuch ishlatish natijasida haydovchiga nisbatan biron-bir darajada tan jarohati yetkazilmagan. Shuningdek YPX inspektori va Transport boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan xizmat intizomi va qonunbuzilish holatlari yo‘l qo‘yilmagan.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga yuqoridagi kabi holatlarni chekkadan turib tasvirga olish bilan kifoyalanib qolmasdan, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish va unga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordam berishlarini tavsiya qilgan bo‘lardik, zero O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 121-moddasida “Qonuniylik va huquqiy tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tashkilotlari va fuqarolar yordam ko‘rsatishlari mumkin” deb belgilab qo‘yilgan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech