18 Iyun 2020 yil 486

Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ikki ayolning o‘zaro urishayotgani aks etgan videolavha yuzasidan

2020 yil 17 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda ikki ayolning o‘zaro janjallashayotgani aks etgan videolavha tarqatilgan bo‘lib, holat ishtirokchilari Xorazm viloyatida yashovchi fuqarolar bo‘lganligi sababli, videolavha viloyat IIB masʼul xodimlari tomonidan  o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijasida quyidagilarga aniqlik kiritildi:

Ushbu videolavhada Urganch shahrida, bir mahallada yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan Z.M. va 1973 yilda tug‘ilgan R.Q lar o‘rtalarida oldindan mavjud bo‘lgan maishiy muammo sababli 2020 yil 12 iyun kuni kelib chiqqan janjal aks etgan. Qo‘shni ayollar o‘rtasidagi janjalga Z.M. ning o‘g‘li ham aralashgan.

Mazkur holat tomonlarning arizasiga asosan shu kunning o‘zida hududiy ichki ishlar bo‘limida qayd qilingan bo‘lib, belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Janjal ishtirokchilariga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Yuqoridagilardan tashqari yana shuni taʼkidlash kerakki, ushbu qo‘shnilarni o‘zaro murosaga keltirish, ularni ahil-inoq bo‘lib yashashlarini taʼminlash maqsadida, mahalla fuqarolar yig‘ini va ichki ishlar organlari masʼul xodimlari tomonidan bir necha bor muhokama yig‘ilishi o‘tkazilib,  har ikkala xonadonga ham mahalla faollaridan murabbiy biriktirilgan.

Shu o‘rinda ayrim fuqarolarimizdan insonlar o‘rtasidagi janjal va nizoli holatlarni tasvirga olib ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish o‘rniga, aksincha nizoni oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan xatti-harakatlarni amalga oshirishlarini so‘rab qolamiz.   

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech