8 Dekabr 2020 yil 436

Rasmiy munosabat: Profilaktika inspektoriga tegishli ekanligi aytilgan avtomashinaga mayoqcha o‘rnatilganiga oid ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan fotosurat yuzasidan

2020 yil 6 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarga 90 E 680 KA davlat raqam belgili “Matiz” rusumli avtomashina fotosurati joylashtirilgan bo‘lib, ushbu avtomashina Xorazm viloyati Bog‘ot tumani IIB profilaktika inspektoriga ega ekanligi bildirilib, avtomashina texnik reglamentiga zid ravishda qo‘shimcha yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha bilan jixozlanganligiga eʼtibor qaratilgan hamda bu yuzasidan tushuntirish so‘ralgan.

Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan amalga oshirilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra mazkur fotosurat va u to‘g‘risidagi so‘rov yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ichki ishlar organlarida bir qator tub islohotlar amalga oshirilayotganligi hech kimga sir emas.

Jumladan, ichki ishlar organlarining profilaktika (katta) inspektorlari o‘z xizmat hududida xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida yengil avtomashina bilan taʼminlandi. Ijtimoiy tarmoqda namoyish etilgan fotosuratdagi 90 E 680 KA davlat raqam belgili “Matiz” rusumli avtomashina haqiqatan ham Bog‘ot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektoriga tegishlidir va u yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha bilan jihozlangan.

Lekin shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan eʼtiborlarini quyidagilarga qaratishlarini so‘raymiz. Bugungi kunda ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlarini xizmat avtomashinasi bilan taʼminlash imkoniyati mavjud emasligi sababli, ularga o‘zlarining shaxsiy avtomobillaridan xizmat faoliyatida foydalanish tavsiya etilgan. Bunda profilaktika inspektorlariga xizmat vaqtida bo‘lgan paytlarida o‘z xizmat hududlarida ayniqsa tungi paytda patrullik qilish jarayonida yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchalardan foydalanishga ruxsat berilgan. Bu amaliyot esa jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini yana-da oshirmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari transport vositasini boshqarish vaqtida yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchadan foydalanganda “Yo‘l harakati qoidalari”da qayd etilgan imtiyozlarga ega bo‘lmaydilar.

Yuqoridagilarni inobatga olib, profilaktika inspektorlari tomonidan shaxsiy avtomobillariga yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha o‘rnatish va undan xizmat paytida  (tungi paytlarda) foydalanishlari maqsadga muvofiqdir.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech