3 Sentyabr 2020 yil 724

Rasmiy munosabat: Shovot tumanida qimor o‘yinida ishtirok etgan fuqarolarning o‘zlarini ushlash vaqtida tan jarohati yetkazishganligi to‘g‘risida qilgan videomurojaati yuzasidan

2020 yil 2 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Shovot tumanida fosh etilgan qimor o‘yinlarida ishtirok etgan fuqarolar o‘zlarini ushlash paytida tan jarohati yetkazgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan videomurojaati tarqaldi.

Videolavhada 2020 yilning 26 avgust kuni Xorazm viloyatining Shovot tumanida tashkil etilgan qimorxonani fosh etish vaqtida ijtimoiy xavfli  qilmishlariga chek qo‘yilgan bir guruh fuqarolar tomonidan murojaat yo‘llanganligi sababli, holat yuzasidan Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Surishtiruvning dastlabki bosqichida quyidagilarni maʼlum bo‘ldi:

2020 yil 26 avgust kuni Shovot tumani Ichki ishlar bo‘limiga tumanning “Royat” mahallasida yashovchi fuqaro mahalladoshi J.Hakimovning xonadonida shubhali shaxslar yig‘ilganligi to‘g‘risida xabar bergan.

Shu bois ushbu fuqarolarning nima sababdan tungi paytda shubhali tarzda yig‘ilganliklariga aniqlik kiritish maqsadida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tadbir o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan tadbir jarayonida,  videolavhada o‘zlarini jabrlanuvchi deb tanishtirayotgan, fuqaro J.Hakimovning uyida qonunga zid ravishda  qimor o‘yinini tashkil etib, yirik miqdorda pul tikkan holda, qimor o‘yinlarida ishtirok etayotgan jami 21 nafar shaxslar ushlangan. Ulardan qimorga tikilgan 43 million so‘mdan ortiq qiymatdagi pullar, bir nechta pachkada o‘yin kartalari va sovuq qurollar (pichoqlar) ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Ayni kunda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qimorbozlarni qo‘lga olish jarayonida ular huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, hodisa joyidan qochishga uringanlar, faqatgina  xodimlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida buning oldi olingan.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish Jinoyat kodeksiga asosan jinoyat, yaʼni ijtimoiy xavfli qilmish deb hisoblansa, bir xonaning ichida 21 nafar shaxsning o‘yin kartalari va naqd pullarni qo‘ldan-qo‘lga o‘tkazib o‘tirishlari koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin qoidalariga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Qilmishiga chek qo‘yilgan shaxslarning ikki nafari joriy yilning 3 iyul kuni Xiva tumanida o‘tkazilgan tadbir natijasida fosh etilgan qimor o‘yinida ham ishtirok etgan.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 39-moddasida “Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash vaqtida unga zarar yetkazish, agar uni ushlash uchun zarur bo‘lgan choralarning chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.  Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida unga yetkazilgan zararning qonuniyligini baholashda, qilmishni sodir etgan shaxsning ushlanishdan qochish maqsadida qilgan harakatlari, ushlovchining kuchi va imkoniyatlari, ruhiy holati va ushlash bilan bog‘liq boshqa holatlar hisobga olinadi” deb ko‘rsatilgan.

Shubhali, shu bilan birgalikda sovuq qurollar bilan qurollangan 20 nafardan ortiq shaxslarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 10 nafar xodimi tomonidan qo‘lga olinishida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga yuqorida aytib o‘tilgan surishtiruv jarayonida batafsil va holisona huquqiy baho beriladi albatta.

Shu sababli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan mazkur holat yuzasidan asoslanmagan fikrlarni bildirmasliklarini so‘rab qolamiz.

Surishtiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech