17 Iyun 2020 yil 483

Rasmiy munosabat: Urganch shahrida yashovchi fuqaro Z.Mamatrizayevaning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan videomurojaati yuzasidan

2020 yil 11 iyun kuni Urganch shahrida yashovchi fuqaro Zebo Mamatrizayevaning ijtimoiy tarmoqlarda “Farzandimni o‘ldirish uchun suiqasd qilishdi, iltimos yordam bering” deb nomlangan videomurojaati eʼlon qilindi.

Mazkur videomurojaat Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganda quyidagilar maʼlum bo‘ldi:

Fuqaro Z.Mamatrizayeva bir mahallada yashovchi qo‘shnilari bilan maishiy muammolar tufayli doimiy ravishda o‘zaro kelishmovchilikda bo‘lib kelgan.

Jumladan, qo‘shnisi R.Qodirova va uning o‘g‘li Q.Qodirov bilan ham  o‘rtalarida nizoli holatlar kelib chiqqan.

Xususan, Z.Mamatrizayeva videomurojaatida keltirib o‘tgan holat yuzasidan 2019 yil oktyabr oyida hududiy ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan  murojaat qilgan bo‘lib, olib borilgan surishtiruv va tergov jarayonlarida sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga asosan, uning arizasida ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmagan.

Videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinganidan keyin Z.Mamatrizayeva va uning qo‘shnisi R.Qodirovalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlari shu mahalla faollari va ichki ishlar organlarining masʼul xodimlari ishtirokida yana bir bor atroflicha o‘rganilib, muhokama qilindi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, muhokama jarayonida fuqaro Z.Mamatrizayeva o‘zini nosamimiy tutib, tomonlarning fikr-mulohazalarini inobatga olmasligini aytib o‘tgan.

Xozirgi kunda Z.Mamatrizayeva va R.Qodirovalarni o‘zaro tinch-totuv yashashlarini taʼminlash uchun ularga shu mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va uning oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari murabbiy etib biriktirilgan.

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech