1 Avgust 2021 yil 472

Rasmiy munosabat: You Tube videoxostingidagi “Baxodir brat” kanalida  “GAIdan qochgan haydovchi” nomi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan

2021 yil 1 avgust kuni You Tube videoxostingidagi “Baxodir brat” kanalida “GAIdan qochgan haydovchi” nomi ostida tarqalgan videolavha Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ushbu videolavhani ko‘rgan har qanday shaxs YPX inspektori mazkur jarayonda o‘z xizmat vazifalarini belgilangan tartibda olib borayotganligi shu bilan birgalikda jarayonni video tasvirga olgan haydovchi esa asossiz ravishda YPX inspektorining qonuniy talabini bajarishdan bosh tortganligini anglab yetadi.

Videolavhadagi jarayon yuzasidan batafsil tarzda quyidagilar maʼlum qilamiz: 2021 yilning 31 iyul kuni tungi paytda Bog‘ot tumani bo‘ylab xizmatga taqsimlangan viloyat IIB YHXB YPX inspektorlari shu kuni soat 23:50 larda Bog‘ot tumani Mirishkor qishlog‘i Yangi zamon ko‘chasida harakatlanib kelayotgan, 1995 yilda tug‘ilgan Sh.S. boshqaruvidagi, “Cobalt” rusumli 90 G 505 KA davlat raqam belgili avtomashinani to‘xtatib, haydovchidan tegishli hujjatlarini tekshirib ko‘rishlik uchun taqdim etish so‘ralganida, avtomashina haydovchisi hujjatlarni taqdim qilmasdan, aksincha YPX inspektori bilan o‘zaro muloqotini uyali telefoni orqali videotasvirga olib, YPX inspektorining qonuniy talabini bajarishdan ochiqdan-ochiq qasddan bosh tortib, avtomashinani YPX inspektorining hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli tarzda to‘satdan haydab ketib qoladi.

Shundan keyin haydovchi o‘zining yuqoridagi qilmishlari oqibatini anglab va javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida shu vaqtning o‘zida Bog‘ot tumani IIB ga borib, o‘ziga nisbatan YPX inspektorlari tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar sodir qilinayotganligi yuzasidan ariza berishini bildirayotgan paytida aynan o‘sha YPX inspektorlari ham IIBga yetib kelishgan.

Shundan keyin YPX inspektori haydovchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan maʼmuriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib, shu kodeksning 291-moddasiga asosan transport vositasini vaqtinchalik ushlab turish uchun jarima maydonchasiga joylashtirilishini  tushuntirgan.

Haydovchi esa o‘ziga nisbatan tuzilgan maʼmuriy bayonnomaga imzo chekmasdan, jarima maydoniga joylashtirilgan avtomashinasini belgilangan tartibda soqchiga topshirmasdan ketib qolgan.

Yuqorida taʼkidlab o‘tganimizdek, bevosita haydovchi tomonidan uyali telefoni orqali olingan videotasvirlar va YPX inspektorlarining bodikamerasida qayd etilgan videotasvirlarga ko‘ra haydovchining huquqbuzarligi to‘liq tasdiqlanadi.

YPX inspektorlari tomonidan mazkur jarayonda xizmat intizomi va qonunbuzilish xolatlariga yo‘l qo‘yilmagan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech