8 Dekabr 2020 yil 452

Rasmiy munosabat: You Tube videoxostingidagi  “Real hayot” kanalida eʼlon qilingan sobiq profilaktika inspektori S.Qazaqovning videomurojaati yuzasidan

2020 yil 7 dekabr kuni You Tube videoxostingidagi  “Real hayot” kanalida Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining sobiq profilaktika inspektori Sardor Qazaqovning videomurojaati eʼlon qilingan.

Ichki ishlar organlarining sobiq xodimi S.Qazaqov o‘zining mazkur videomurojaatida ichki ishlar organlari safidan asossiz bo‘shatilganligi, shuningdek tizimda xodimlarni, jumladan profilaktika inspektorlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish lozim darajada taʼminlanmayotganligi to‘g‘risida so‘z yuritgan.

Sobiq xodim S.Qazaqovning murojaati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Ichki ishlar organlari xizmatiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriy ravishda, shu bilan birgalikda belgilangan tanlov asosida qabul qilinadilar.

Ichki ishlar organlari xodimlarning xizmat faoliyati O‘zbekiston Respublikasining 16.09.2016 yildagi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid Farmon, Qaror va Farmoyishlari bilan tartibga solinadi.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda ichki ishlar organlari xodimlarning xizmat faoliyati, ularning huquq va majburiyatlari, shu bilan birgalikda ijtimoiy-huquqiy himoya qilish tartibi belgilab berilgan bo‘lib, amalda ijrosi taʼminlab kelinmoqda.

Sobiq xodim S.Qazaqovning profilaktika inspektorlari o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan, yaʼni paxta va bug‘doy yig‘im-terimi bilan bog‘liq ishlarga jalb qilinishi to‘g‘risidagi so‘zlariga javoban profilaktika inspektori o‘z xizmat hududidagi har qanday ommaviy tadbirlar, jumladan strategik xom-ashyolarni yetishtirish va nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish jarayonlarida jamoat tartibini saqlash, shuningdek turli ko‘rinishdagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga masʼul hisoblanishini eslatib o‘tamiz.

Xizmat hududidan xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtomashinalar ajratilganligi, xizmatda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan inspektorlarni har oy yakunida moddiy rag‘batlantirilishi, Vazirlik tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarida alohida qabul kvotalarining belgilanganligi so‘nggi yillarda profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlardan ayrimlaridir.

Xususan S.Qazakovning shaxsiy xislatlari, xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan qator kamchiliklari uni ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatishga sabab bo‘lgan. U fuqarolardan qarz sifatida olgan turli miqdordagi mablag‘larni kelishilgan vaqtda qaytarmasdan, nafaqat o‘ziga bo‘lgan ishonchga, shu bilan birgalikda fuqarolarning ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchiga ham putur yetkazilishiga sabab bo‘lgan.  Bundan tashqari xizmat faoliyatiga oid hujjatlarni rasmiylashtirishda qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yganligi bois bir necha marotaba intizomiy jazolangan.

Uni ichki ishlar organlari safidan bo‘shatish to‘g‘risida attestatsiya komissiya tomonidan qabul qilingan qarordan norozi bo‘lib yozgan shikoyat arizasi rahbariyat tomonidan ko‘rib chiqilib, komissiya qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ichki ishlar organlarining sobiq xodimi Sardor Qazaqovning ushbu murojaatini pushaymonlikning bir ko‘rinishi sifatida baholash maqsadga muvofiqdir.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech