22 Dekabr 2022 yil 311

Safimizdagi fidoyilar: Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati xodimi kichik serjant Fazilat Zargarova

Bugungi kunda ayollarimiz jamiyatimizning turli sohalarida sidqidildan mehnat qilishmoqda. Ular ilg‘or tadbirkor, tajribali fermer, mohir tikuvchi, jonkuyar shifokor, mehribon o‘qituvchi, tengsiz sportchi... Hatto ular erkaklar bilan yonma-yon turib, yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdek mashaqqatli kasbda ham sharaf bilan xizmat qilishyapti. Bunday fidoyi ayollarimiz orasida Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati kanselyariya boshlig‘i, kichik serjant Fazilat Zargarova ham bor.    

Urganch qurilish kasb-hunar kollejining huquqshunoslik bo‘limini muvaffaqiyatli tamomlagan Fazilat yoshlikdagi orzusiga erishish  maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash bo‘limiga ishga joylashdi. Kasbga bo‘lgan intilishi yuz ko‘zidan yaqqol sezilib turgan bu qiz ikki yil yollanma ishchi sifatida qo‘riqlash pulti operatori vazifasida sidqidildan xizmat qildi. O‘tgan davr mobaynida uning ichki ishlar sohasiga bo‘lgan qiziqishi yana-da ortdi. Xizmat intizomiga, murabbiylarining maslahatlariga quloq tutib, kasb sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganishga intildi.

Ijobiy tavsifnoma bilan viloyat IIB SHTBIXga kelgan bu qiz sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgach, Tibbiyot xizmati kanselyariya xodimi vazifasiga xizmatga qabul qilindi. Orzusi ushalgan Fazilat o‘z xizmat vazifasini bajarishga astoydil kirishdi. Bunda unga isteʼfodagi katta serjant Shahodat Azimova, manzilgohlar bo‘limi qayd qiluvchisi Galina Karimboyeva singari qalbi keng, mehri daryo ustozlari yaqindan yordam berishdi. Ulardan kasb sirlarini qunt bilan o‘rganishga harakat qildi. Oradan ko‘p o‘tmay u kasbining tajribali xodimasiga aylandi.

-Har bir kasbning o‘ziga xos mashaqqatli hamda zavqli tomonlari bor,-deydi biz bilan suhbatda kichik serjant Fazilat Zargarova.-Buni to‘g‘ri anglagan kishigina har qanday qiyinchiliklarga bardosh berib, o‘z kasbining fidoyisiga aylanishi mumkin. Anashu halol mehnat, tinimsiz izlanish uni chinakam baxtli hayot sari yetaklaydi. Men ham osoyishtalik posboni bo‘lishdek sharafli kasbni tanlaganimdan juda baxtiyorman.

Mana 20 yildirki, ichki ishlar organlarida sidqidildan xizmat qilayotgan kichik serjant Fazilat Zargarova o‘z baxtini mehnatda topdi. Kasbga bo‘lgan sadoqati tufayli hamkasblari o‘rtasida hurmat eʼtibor qozondi. 

-Yurt osoyishtaligini taʼminlash vazifasi naqadar mashaqqatli bo‘lmasin bu sohada ko‘plab ayollarimiz sidqidildan xizmat qilishyapti,-deydi viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Dilnoza Bog‘ibekova.-Kichik serjant Fazilat Zargarova ham ana shunday mehnatsevar xodimalarimizdan biri. U o‘zining tirishqoqligi, masʼuliyatni his qila bilishi, topshiriqlarni o‘z vaqtida aniq va puxta bajarishi hamda jamoat ishlaridagi faolligi bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

Xizmat burchini bajarishdagi fidoyiligi, kasbga bo‘lgan sadoqati tufayli kichik serjant Fazilat Zargarova Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan bir necha bor munosib tarzda rag‘batlantirilgan.

 

                                                                        Xudoybergan JABBOROV,

                                                                               “Postda” muxbiri.

Text to speech