7 Iyul 2022 yil 339

Sayyohlar xavfsizligi taʼminlanmoqda

Хorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash, ular bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha bir qator profilaktik tadbirlarni amalga oshirishmoqda. 

-Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimizga 17 ming 500 nafar xorijiy, 197 mingdan ziyod mahalliy sayyohlar tashrif buyurishdi,-deydi viloyat IIB XTTB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Marat Xudoyberganov.-Xodimlarimiz tomonidan sayyohlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida mahallalarda, korxona va tashkilotlarda 1974 marotaba turli yo‘nalishda profilaktik tadbirlar o‘tkazildi hamda 186 marotaba ommaviy axborot vositalarida xavfsiz turizm bilan bog‘liq mavzularda chiqishlar qilindi.

So‘nggi paytlarda viloyat hududida xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar, ko‘plab ilmiy-amaliy konferensiyalar, turli sayllar, festivallar, bayram kechalari o‘tkazilishi anʼanaga aylanib bormoqda. Ushbu tadbirlarda viloyatimizga tashrif buyurgan chet ellik hamda mahalliy sayyohlar ham ishtirok etishyapti. Tadbirlarning tinch va osoyishta o‘tishida viloyat IIBning barcha sohaviy xizmatlari, shu jumladan, Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari ham xushyorlik bilan xizmat qilishmoqda. Xizmat xodimlarining tegishli tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlari natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida sayyohlar bilan bog‘liq jinoyat hamda huquqbuzarlik sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Bunday keng ko‘lamdagi tadbirlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad, viloyatga tashrif buyurayotgan xorijlik hamda mahalliy mehmonlarning samarali sayohatini, dam olishini, madaniy xordiq chiqarishini, eng muhimi xavfsizligini taʼminlashdan iboratdir.

                                                                      Xudoybergan JABBOROV,

                                                                             “Postda” muxbiri.

Text to speech