20 Avgust 2020 yil 1207

Uchinchi sektor: Hazorasp tumani IIB boshlig‘i rahbarligida amalga oshirilgan ezgu ishlar

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari sektorlar kesimidagi jarayonlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Mamlakatimiz xududida eʼlon qilingan karantin tadbirlaridan so‘ng sektorlar kesimida aholi muammolarini uyma-uy yurib o‘rganishga alohida eʼtibor qaratildi. Pandemiya va global iqtisodiy inqiroz sharoitida aholi bandligi va farovonligini taʼminlash, sektor xududida kambag‘allikni qisqartirish masalasi kun tartibidagi muhim vazifalardan biriga aylandi. Tegishli tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Hazorasp tumanidagi uchinchi sektor xududida 366 ta muhtoj oilalar mavjudligi aniqlanib, ular sektor rahbarining “Temir daftari”ga kiritildi. Nazoratga olingan ushbu oilalarning har biriga davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasi asosida “Sahovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 746 million 145 ming 900 so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, “Temir daftar”dan chiqarilmasdan qolgan 213 ta hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 168 ta oilaga 220 ming so‘mdan bir marotabalik moddiy yordam puli tarqatildi. Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, bandligi taʼminlangan hamda daromad manbai yaratilganligi sababli xalq deputatlari tuman kengashi qarori va fuqarolarning shaxsiy murojaatiga asosan 153 ta oila “Temir daftar”dan chiqarildi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida uyma-uy yurgan holda 468 ta xonadonlarda o‘rganishlar olib borilib, ularning tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi, yo‘l, ko‘prik, sog‘liqni saqlash, maktabgacha taʼlim yo‘nalishi, bank krediti masalalari bo‘yicha 162 ta muammolari mavjudligi aniqlandi. Ushbu muammolar “Yo‘l xaritasi”ning chora-tadbirlar rejasiga kiritilib, tegishli tashkilot va muassasalar vakillari ishtirokida muhokama qilindi va ularning barchasi ijobiy hal etildi.

Sektor xududida zamonaviy savdo shahobchalarini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam ko‘rsatish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yo‘l va ko‘priklarni taʼmirlash, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalardagi, nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarning turmush tarzidagi mavjud muammolariga yechim topish, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlarning samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xotin-qizlar qo‘mitalari, yoshlar tashkiloti hamda taʼlim muassasalari bilan hamjihatlikdagi ishlar samarali natijalar bermoqda.

-Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sektor xududidagi jami
319 ta korxonaning 202 tasi pandemiya vaqtida o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishga majbur bo‘lgandi,-deydi tuman IIB tashkiliy bo‘linma boshlig‘i, 3-sektor shtabi kotibi, katta leytenant G‘ayrat Qutlimuratov.-Shundan 2 ming 268 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladigan 190 ta korxonaning faoliyati qayta tiklandi. Ayni kunda qolgan 12 ta korxona rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, amaliy yordam berish choralari ko‘rilmoqda.

Sektor xududida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida, foydalanilmasdan turgan 125 ta bino va inshootlar aniqlanib, bugungi kunga qadar ularning 33 tasi tadbirkorlarga berildi.

“Pichoqchi” mahallasi xududida istiqomad qiluvchi Ravshan Eshniyozov, Masharif Rasulov, Qalandar Matyozov, Hayitboy Eshniyozov kabi fuqarolarning sektor rahbariga qilgan murojaatidan so‘ng “Obod” ko‘chasining 470 metr tamirtalab qismiga yangidan asfalt qoplamasi  yotqizildi. Qolaversa, mahalla xududida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan Muyassar Raximova, Rohila Xo‘jamuratova, Kamol Masharipov, Qaxramon Qodirov, Farxod Raximovlarning murojaatlari sektor rahbari tomonidan o‘rganib chiqildi va tuman hokimligi bilan kelishilgan holda ularga yer maydoni ajratilib berildi. Ayni kunda ushbu tadbirkorlar karantin paytida aholiga qulaylik yaratish maqsadida o‘z faoliyatini boshlab yuborishdi.

Mahallalar xududidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarga moddiy yordam berish, ularni ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilish ishlari bevosita sektor rahbari boshchiligida samarali davom etmoqda. Sektor xududida istiqomad qiluvchi 6 nafar fuqaroga issiqxona qurib berildi. Shuningdek, sektor xududidagi 192 nafar yoshlar ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilinib, 51 nafariga dehonchilik bilan shug‘ullanishi uchun yer maydonlari ajratildi.

-Sektor xududida 10 ta - “Pichoqchi”, “Munis Xorazmiy”, “Gulzor”, “Ming Otliqlar”, “Ziyolilar”, “Bo‘ston”, “Qovunchi”, “J. Manguberdi ”, “Al-Xorazmiy” va “P. Maxmud” kabi mahallalar mavjud bo‘lib, bu yerda 44 ming 300 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi,-deydi 3-sektor rahbari, tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik Xushnut Masharipov.-Xududlarni obodonlashtirish, aholini elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda tabiiy gaz bilan taʼminlash, sog‘liqni saqlash va taʼlim tizimidagi muammolarga yechim topish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi ko‘plab muhim masalalar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, oilaviy sharoitlarini yaxshilash maqsadida qoramol, parranda sotib olish hamda issiqxona qurish uchun murojaat qilgan fuqarolarga imtiyozli bank kreditlari ajratilishida amaliy yordam berayapmiz. Bunday keng ko‘lamdagi tadbirlarni amalga oshirishda tegishli tashkilotlar va muassasalar rahbarlarining ham munosib hissasi borligini alohida taʼkidlash lozim.

-Imtiyozli bank krediti olishda yordam so‘rab, 3-sektor rahbari, podpolkovnik Xushnut Masharipovga murojaat qildim,-deydi Pichoqchi mahallasida yashovchi Shavkat Madaminov.-Ertasiga “Xalq banki” Hazorasp tumani filiali tomonidan qora mol krediti ajratilishi bo‘yicha tavsiyanoma berishdi. Oradan ko‘p o‘tmay imtiyozli bank krediti asosida 2 ta qora mol sotib oldim va ayni kunda ularni parvarishlayapmiz. Kelgusida ularning bosh sonini yana-da ko‘paytirish niyatidamiz.  

Sektor xududida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida ham tizimli ishlar tashkil qilingan. Jumladan, aholining turmush tarzini o‘rganish natijasida ehtiyojmand, nizoli oilalarni, ishsiz fuqarolarni, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lgan va boshqa toifadagi shaxslarni aniqlab, bu masalalar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Yaʼni fuqarolarni ish bilan taʼminlash, imtiyozli kreditlar ajratib, tadbirkorlikka jalb qilish orqali aholi daromadlarini oshirish, nizoli oilalar, jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lgan shaxslar va boshqa toifadagi fuqarolarga masʼullar biriktirish hamda ular bilan doimiy profilaktik suhbatlar olib borish yo‘lga qo‘yildi. Bunday saʼy-harakatlar natijasida ularning turmush tarzida paydo bo‘layotgan muammolari ijobiy hal qilinib, ijtimoiy foydali mehnat jarayonlaridagi ishtiroki taʼminlanmoqda. Shuningdek, xududlarda o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda sodir etilayotgan jinoyatlar sektor rahbarlari ishtirokida muhokama qilinyapti va ularning sodir etilishiga imkon berayotgan sabablar atroflicha o‘rganib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan bunday saʼy-harakatlar natijasida tuman ham sektor xududida jinoyat sodir etilishi sezilarli kamayishiga erishilyapti.

Yaqinda Hazorasp tumani ichki ishlar bo‘limi tashabbusi bilan “Pichoqchi” mahallasi xududida “Obod va xavfsiz mahalla” taʼmoyili asosida “Ko‘chma tayanch punkti” ishga tushirildi. Ushbu ko‘chma tayanch punktida ichki ishlar organlari xodimlarining namunali xizmat olib borishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Tayanch punkti atrofidagi kameralar yordamida xududni bevosita kuzatib borish, voqea jarayonlarini tahlil qilish, aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish imkoniyati yaratildi. Ushbu yangilikni amaliyotda qo‘llashning eng muhim jihati shundan iboratki, zarurat tug‘ilganda mazkur tayanch punktini bir joydan ikkinchisiga ko‘chirib o‘tkazish imkoniyati mavjud. Demak, ko‘chma tayanch punktidan aholi gavjum joylarda, yaʼni bozorlar, saylgohlar, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan xududlarda keng foydalanish mumkin. Ushbu innovatsion yangilikni boshqa mahallalarda ham joriy etish rejalashtirilmoqda.   

Sektorlar kesimida keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishda, jamiyatimizda sog‘lom muhitni vujudga keltirishda, eng muhimi osoyishtalikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

                                                                                Xudoybergan JABBOROV,

                                                                                       “Postda” muxbiri.



Text to speech