4 Dekabr 2020 yil 561

Uchrashuv litsey va maktab-internat o‘quvchilari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini bog‘ladi

IIV Xorazm akademik litseyining o‘qituvchi-pedagog va o‘quvchilari tomonidan amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamisha ijobiy baholanib kelmoqda.

“3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni”  munosabati bilan mazkur litsey jamoasi navbatdagi yana bir xayrli ishni amalga oshirishdi.

Xorazm viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi masʼul xodimlari, akademik litsey rahbariyati va bir guruh faol o‘quvchilari eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar tahsil olayotgan Urganch shahridagi 32-son maktab-internatga tashrif buyurdilar.

Litsey va maktab-internat o‘quvchilari dastlab o‘zaro surdo tarjimon yordamida muloqotda bo‘lgan bo‘lsalarda, keyinchalik ularning o‘zaro do‘st tutinishlariga qalblaridagi jo‘shqin mehrning o‘zi yetarli bo‘ldi.

Uchrashuv jarayonida litsey o‘quvchilari tomonidan maktab-internat o‘quvchilariga do‘stlik rishtasi sifatida esdalik sovg‘alari topshirildi.

Litseyning bir guruh iqtidorli o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan jismoniy va jangovar tayyorgarlikni aks ettiruvchi ko‘rgazmali mashqlar maktab-internat o‘quvchilari va ishtirokchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

O‘z navbatida maktab-internat o‘quvchilari ham o‘zlari tomonidan tayyorlangan ommaviy raqs sahnalarini namoyish etdilar.

O‘quvchi yoshlar kelgusida do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga, bu kabi uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazib turishga o‘zaro ahdlashdilar.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech