2 Iyun 2020 yil 471

Ularning ko‘zida va so‘zida otalarining jasoratini ko‘rdik

Ularning ko‘zida va so‘zida otalarining jasoratini ko‘rdik

 

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ham turli tadbirlar tashkil etildi.

Jumladan, Xorazm viloyati IIB tomonidan doimiy ravishda moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlanib kelinayotgan Urganch shahridagi “Bolalar uyi” bu galgi bayramda ham eʼtibor markazidan chetda qolmadi. Viloyat IIB rahbariyati tomonidan ushbu muassasaga bolalar o‘yinchoqlari va maishiy texnikalar bayram sovg‘asi tariqasida topshirildi.

Ichki ishlar organlarining har bir xodimi jinoyatchilikka qarshi, taʼbir joiz bo‘lsa, o‘z jonini xavf ostiga qo‘yagan holda kurashadi. Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining bir necha xodimlari ham xizmat vazifalarini bajarish paytida qahramonlarcha halok bo‘lishgan. Albatta, ushbu xodimlarning jasorati unutilmaydi, ularning yorqin xotirasini abadiylashtirish, oilasi va farzandlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish borasidagi ishlar olib borilmoqda.

“Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” bayrami munosabati bilan Xorazm viloyati IIB rahbariyati, xotin-qizlar masalari bo‘yicha katta inspektorlari xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘lgan xodimlarning oilalarida bo‘lishib, ularning farzandlariga bayram sovg‘alarini ulashdilar.

“Biz bu bolajonlarning ko‘zida va so‘zida otalarining jasorati, fidoyiligi va vatanparvarligini ko‘rdik, ularning o‘z otasiga munosib farzandlar bo‘lib kamolga yetayotganliklari bizni xursand qildi” deydi Xorazm viloyati IIB HPB boshlig‘ining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari mayor D.Bog‘ibekova.

Eslatib o‘tamiz, bayram arafasida o‘tkazilgan barcha madaniy-maʼrifiy tadbirlar karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech