23 Iyul 2020 yil 705

Urganch shahrida PPX xodimlari tomonidan fuqaroning hayoti saqlab qolindi

Joriy yilning 12 iyul kun soat 10.30larda Xorazm viloyati IIB PPX va JTSB PPX batalyoni 1-otryad safdor xodimi, safdor Ravshan Ro‘zimov hamda 2-otryad safdor xodimi, safdor Murod Ismoilovlar o‘zlariga biriktirilgan “Neksiya” rusumli 90 076 VSF davlat raqamli avtomashinada Urganch shahrining Ulug‘bek ko‘chasida xizmat vazifasini bajarishardi. Shu payt notanish ayol ularni to‘xtatib, bir fuqaro suv quvuriga tiqilib qolganini, zudlik bilan yordam bermasa hayoti xavf ostida ekanligini aytadi. PPX batalyoni xodimlari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borishganida qirq besh yoshlar atrofidagi fuqaro “Qirg‘iz yop” kanalidan “Yoshlar ko‘li”ga o‘tuvchi suv quvurida tiqilib yotardi. Xizmat xodimlari darhol suvga tushib, yordamga muhtoj fuqaroni qutqarib qolishadi va zudlik bilan uni shifoxonaga olib borishadi.

-Yoshlar ko‘lidagi suv meʼyor talabiga yetgach, tuproq to‘ldirilgan qop bilan quvurni yopmoqchi bo‘ldim,-deydi Urganch tumani obodonlashtirish bo‘limi ishchisi O‘ktam Rajabov.-Ammo suv bosimi kuchli bo‘lganligi bois qo‘limdagi tuproq to‘la qopni quvur tortib ketdi. Aksiga olib quvur bilan qop oralig‘ida oyog‘im ham qolib, kanaldan chiqolmay qoldim. Jazirama issiq tufayli yon-atrofda ham hech kim ko‘rinmadi. Bir necha bor urinsam-da, oyog‘imni quvurdan tortib ololmadim. Aksincha suv meni quvur ichiga tortib ketayotgandek edi. Ko‘p kuch sarf qilganimdan holsizlanib qoldim. Bor kuchimni yig‘ib, “Yordam beringlar”, deya qichqira boshladim. Oradan ko‘p o‘tmay kanal bo‘yida bir ayol paydo bo‘ldi va yordam berishga kuchi yetmasligini bilib, qayoqqadir chopib ketdi. Shu zahoti PPX batalyoni xodimlari yetib kelishdi va xizmat kiyimini ham yechmasdan suvga tushib meni quvurdan tortib olishdi. O‘sha mehribon ayolning hamda osoyishtaligimiz posbonlarining o‘z vaqtida ko‘rsatgan beg‘araz yordami tufayli omon qoldim. O‘zim va oilam nomidan bu fidoyi insonlarga minnatdorlik bildiraman. Doimo xalqimizning hurmat-eʼtiborida bo‘lishsin!   

 

                                                                              Xudoybergan JABBOROV,

                                                                                     “Postda” muxbiri.

                                                                                       Xorazm viloyati.

Text to speech