26 Fevral 2021 yil 570

Xodimlar  chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda

Har qanday sohada jismonan sog‘lom va maʼnan yetuk kadrlar bilangina yuqori samaradorlikka erishish mumkin. Ushbu talablar ichki ishlar organlari xodimlari uchun esa alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu bois so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari xodimlari, ularning oila aʼzolari va soha faxriylarining sog‘ligini mustahkamlash, davolash va qayta tiklash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5590-son Farmoni hamda 2020 yil 12 noyabrdagi “Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yana-da oshirish orqali jamoat salomatligini taʼminlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4891-son qaroriga muvofiq, ayni kunlarda ichki ishlar organlari tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari tomonidan Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va aniq tashxis qo‘yish amalga oshirilmoqda.

Dastlab IIV Tibbiy boshqarmasi yetakchi mutaxassis-shifokorlari va Xorazm viloyat IIB Tibbiyot bo‘limi tibbiy xodimlari ishtirokida tibbiy ko‘rik va davolash ishlarini o‘tkazish bo‘yicha muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shundan keyin bemorlarni bevosita ko‘zdan kechirish, ularning kasallik tarixlarini o‘rganishga kirishildi.

Xorazm viloyati IIB Tibbiyot muassasalarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarni sifatli o‘tkazish uchun tegishli tibbiy asbob-uskunalar va laborator-diagnostik apparatlari to‘liq shay holatga keltirilgan.

Tibbiy ko‘rik jarayonida kasalliklari aniqlangan xodimlarning salomatligini tiklashlari uchun barcha zaruriy yordam ko‘rsatilishi belgilangan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati 

Text to speech