8 Sentyabr 2020 yil 657

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i Xonqa tumanida sayyor qabul o‘tkazdi

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov tomonidan aholining murojaatlarini o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida 2020 yilning 8 sentyabr kuni Xonqa tumani “Ezgulik” mahallasida joylashgan musiqa maktabi binosida (karantin qoidalariga qilgan holda) sayyor qabul o‘tkazildi.

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i va Xonqa tumani Hokimi sayyor qabulda o‘zlarining murojaati bilan ishtirok etgan fuqarolarning muammolariga alohida eʼtibor qaratib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tezkor amaliy choralar ko‘rishdi.

Tuman hududidan o‘tuvchi davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan umumtaʼlim maktabi direktorining maktab oldida xavfsiz piyodalar o‘tish yo‘lagi tashkil etish borasidagi taklifi mutasaddilar tomonidan shu joyning o‘ziga borib o‘rganildi. O‘rganish natijalaridan keyin maktab direktorining murojaatini ijobiy hal etish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Sayyor qabul doirasida mahalliy yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa ularning muammo va takliflari o‘rganildi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratilishi yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Xonqa tumanida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan, Sohiba Yusupovaning jamoat transportlarida badiiy asarlarning audio talqinidan (audio-kitob) foydalanish to‘g‘risidagi taklifi uchrashuv ishtirokchilarining olqishiga sazovor bo‘ldi. Jamoat transportida yengil-yelpi qo‘shiqlar o‘rniga badiiy asarlarning audio talqinidan foydalanish yo‘lovchilarning badiiy-maʼnaviy saviyasini yuksaltirishi bilan birgalikda, transport ichida ortiqcha shovqin bo‘lmasligi ham taʼminlanadi. Ushbu taklifni kundalik hayotga tatbiq etish yuzasidan viloyat IIB YHXB va viloyat transport boshqarmasi tomonidan hamkorlikda chora-tadbirlar belgilab olindi.

Uchrashuv davomida faol ishtirok etgan bir guruh yoshlarga viloyat IIB boshlig‘i tomonidan badiiy va ijtimoiy-siyosiy kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

 Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech