27 Yanvar 2023 yil 235

Xorazm viloyati IIB Tibbiyot bo‘limida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot uchrashuvi o‘tkazildi

Xorazm viloyati IIB Tibbiyot bo‘limida ayni kunda 150 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lib, ularning aksariyatini xotin-qizlar tashkil etadi.

Viloyat ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan xodimlarning Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek sharafli vazifani to‘laqonli amalga oshirishlarida tibbiyot bo‘limining jonkuyar va fidoyi shifokorlar hamda hamshiralarining o‘rni beqiyosdir.

Bugun mazkur jamoada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ishtirok etgan Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik D.Bog‘bekova tibbiyot bo‘limi xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni eʼtirof etgan xolda, sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish masalasi rahbariyatning doimiy eʼtiborida ekanligini taʼkidlab o‘tdi.

Shundan kelib chiqqan holda, tibbiyot bo‘limi faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish uchun “Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi” tuzishni taklif qildi.

Ushbu taklif yig‘ilishda ishtirok etgan barcha xotin-qizlar tomonidan iliq kutib olindi va jamoatchilik kengashi raisi va aʼzolari ko‘pchilikning fikr mulohazalarini inobatga olgan holda, ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi.

Shuningdek, podpolkovnik D.Bog‘ibekova yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yana-da yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-10-sonli Qarorining mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tdi.

Bundan tashqari ishtirokchilar eʼtiboriga Urganch shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi va viloyat ichki ishlar organlari o‘rtasida aholining band bo‘lmagan qismini kasb-hunarga o‘qitish, mehnatga jalb qilish hamda ularni bandligini taʼminlash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilganligi yetkazilib, ushbu monomarkaz imkoniyatlaridan keng foydalanish yuzasidan tavsiya berildi.

 Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech