27 Iyun 2020 yil 644

Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasining jamoatchilik bilan  hamkorligi

Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining vazifasi bo‘lib qolmasdan, jinoyatchilikka qarshi fuqarolar ham birdek murosasiz bo‘lsalargina, jamiyatimizni jinoyat va huquqbuzarlikdan holi hududga aylantirish mumkin.

Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi va Urganch transport prokuraturasi rahbariyati tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari”  aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Xorazm viloyatida joylashgan korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari bilan (karantin qoidalariga amal qilgan holda) o‘tkazilgan profilaktik targ‘ibot tadbirlaridan ko‘zlangan maqsad ham aynan fuqarolarda jinoyatchilikka qarshi murosasizlik ruhini yana-da yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.

Shu bilan birgalikda ushbu profilaktik yo‘nalishdagi targ‘ibot-tashviqot tadbiri davomida mazkur korxonalar ishchi-xizmatchilari tomonidan sodir etilayotgan mayda tashmachilik holatlariga ham to‘xtalib, bu kabi illatlarga batamom chek qo‘yish maqsadida viloyat IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilayotgan tezkor-profilaktik chora-tadbirlar aniq misollar bilan keltirib o‘tildi.

Yig‘ilishlar yakunida kelgusida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli korxona va tashkilotlarda hamda yo‘lovchi va yuk poyezdlarida jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech