13 Iyun 2020 yil 595

Xorazm viloyati IIBning bir guruh xodimlari bemorlar uchun ixtiyoriy ravishda qon topshirishdi

Ayni kunlarda mamlakatimiz yoshlari 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Ezgulik albatta qaytadi” shiori ostida ixtiyoriy qon topshirish (donorlik) aksiyasida faol ishtirok etmoqdalar.

Chunki, tibbiyotda inson hayotini saqlab qolishda donorlik qonining ahamiyati eng birinchi o‘rinda turadi. Sunʼiy qon hattoki eng mukammal texnologiyalar asosida yaratilgan bo‘lsada, insonning tabiiy qoni o‘rnini bosa olmaydi.

Xorazm viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi yoshlar yetakchisi kapitan A.Nurullayev va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bosh inspektori mayor Yu.Hamdamovalarning tashabbusi bilan viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan bir guruh yosh xodim va xodimalar ham ushbu ezgu ishlardan chetda qolmasdan ixtiyoriy ravishda qon topshirish maqsadida viloyat qon quyish markaziga tashrif buyurdilar.

Lozim tekshiruvlar amalga oshirilgach (karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda) xodimlardan belgilangan tartibda va miqdorda qon olindi.

Qaysidir zarur bemorga qon berish orqali uning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolishga yordami tekkanidan xodimlar xursand bo‘lishgan bo‘lsa, qon quyish markaziga qon izlab kelgan bemorlarning qarindoshlari ichki ishlar xodimlarining ezgu ishlarni olqishladilar.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech