28 Iyun 2020 yil 673

Xorazm viloyatida 3-sektor rahbarlari uchun navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi

Barchamizga maʼlumki, hududiy ichki ishlar bo‘limi boshliqlari o‘z navbatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3-sektor rahbari ham hisoblanadi. Ayni kunlarda hududlarda yashovchi aholining turmush tarzini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish sektor rahbarlari oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.

Xorazm viloyatidagi barcha shahar va tumanlar kesimida 3-sektor rahbarlari, yaʼni hududiy ichki ishlar organlari boshliqlarining yuqoridagi vazifalarni amalga oshirishdagi bilim va ko‘nikmalarini yana-da takomillashtirish maqsadida viloyat IIB rahbariyati tashabbusi bilan ikkinchi marotaba o‘quv-seminar tashkil etildi.

Sektor rahbarlari va ularning kotiblari ishtirok etgan bu galgi o‘quv-seminarda Xorazm viloyati Hokimining o‘rinbosarlari va taalluqli sohaviy boshqarmalar rahbarlari ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aholi turmush tarzini yaxshilash, kambag‘allikdan chiqarish, tadbirkorlikni rivojlantirishga oid topshiriqlaridan kelib chiqqan holda hududlarda oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish, aholini jamoat ishlariga jalb etish hamda aholi o‘rtasida o‘zini-o‘zi band qilish tartibini keng tatbiq etish, shuningdek hududlarda xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilgan holda yangi ish o‘rinlarini yaratish, shu bilan birgalikda yangi tashkil etilayotgan korxona va tashkilotlar uchun zarur kadrlarni tayyorlash, qayta o‘qitish, agrar va qurilish sohasini yuksaltirish borasida zarur uslubiy qo‘llanmalar berdilar.

O‘quv-seminar jarayonida ishtirokchilarga Gurlan tumani sektorlarida olib borilayotgan ishlar namunaviy tarzda tushuntirib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, Xorazm viloyatida 3-sektor rahbarlari va sektor kotiblari uchun joriy yilning 17 iyun kuni ilk bor o‘quv-seminar o‘tkazilgan edi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech