23 Sentyabr 2020 yil 568

Xorazm viloyatida karantin qoidalari bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda

Aholi orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari har kuni qayd etilayotgani barchani birdek tashvishga solmoqda.

Yangibozor tumanida infeksiya tarqalishining oldini olish borasidagi profilaktik chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 23 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangibozor tumani sudi raisi va tuman IIB boshlig‘ining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari yaqin kunlar ichida oilaviy to‘y va tantanalarni o‘tkazishni rejalashtirayotgan tumanda yashovchi bir guruh fuqarolar bilan profilaktik yo‘nalishda uchrashuv o‘tkazdilar.

Yig‘ilishda ishtirok etganlarga bugungi kunda rioya qilinishi lozim bo‘lgan karantin cheklovlari va bu boradagi huquqbuzarlik uchun nazarda tutilgan javobgarlik to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, tumandagi koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemor shaxslar yashovchi xonadonlarda profilaktika inspektori, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari tomonidan karantin qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi va ushbu xonadonlarga belgilangan tartibdagi belgilar o‘rnatildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech