28 Noyabr 2020 yil 558

Xorazm viloyatida ommaviy sport mashg‘ulotlari ommalashmoqda

Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni Xorazm viloyati IIB shaxsiy tarkibi o‘rtasida sport bilan shug‘ullanishni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Boshqarma shaxsiy tarkibi jismoniy tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar har xaftaning seshanba va juma kunlari bilan muntazam shug‘ullanib kelgan bo‘lsalar, endilikda qo‘shimcha ravishda xaftaning shanba kunlari sportning ommaviy turlari bilan shug‘ullanishlari yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan shanba kuni “Sog‘lom turmush uchun 5000 qadam” marafonida ishtirok etgan Xorazm viloyati IIB shaxsiy tarkibi ushbu shanba kuni ertalabdan Urganch shahrining Avesto bog‘-majmuasiga yig‘ilishdi.

Ochiq bog‘da o‘tkazilayotgan bu kabi badantarbiya va qisqa masofaga yugurish mashg‘ulotlari xodimlarga ertalabdan ishchanlik va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlagan bo‘lsa, mahalliy aholining ommaviy sportga qiziqishini kuchaytirmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda viloyatda ichki ishlar organlari xodimlarining, hususan profilaktika inspektorlarining tashabbusi bilan mahallalarda yashovchi yoshlar, ayollar va keksalar ham o‘zlarining yosh guruhlaridan kelib chiqqan holda ommaviy sport turlari bilan shug‘ullanishlari yo‘lga qo‘yildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech