27 May 2022 yil 413

Xorazm viloyatida xotin-qizlar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi

Ayni kunlarda Xorazm viloyatida xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, nizoli oilalarni barvaqt aniqlash va ulardagi nizolarni bartaraf etish, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bu borada viloyat IIB hamda viloyat Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bilan hamkorlikda mahallalarda, mehnat jamoalarida targ‘ibot uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.  

Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar oilalarda paydo bo‘lgan har qanday ko‘rinishdagi nizoli xolatlarning ishtirokchisi bo‘lgan xotin-qizlarning dastlabki jarayondayoq mahallalardagi ayollar faoli, kayvoni onaxonlarni jalb qilgan holda murosaga keltirishga qaratilgan.

Endilikda viloyatda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish borasida partiyalar qoshida tuzilgan “Deputat ayollar klubi” rolini yana-da kuchaytirish masalasi ham kun tartibidan o‘rin olgan.

Shu bilan birgalikda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni huquqiy himoya qilish maqsadida rasmiylashtirilgan “himoya orderi” talablariga rioya qilinishi ustidan samarali nazorat o‘rnatish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Shuningdek “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham chora-tadbirlar rejasidan o‘rin olgan.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar targ‘ibot uchrashuvlarida bugungi kunda viloyatimizda xotin-qizlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tushuntirish ishlari amalga oshirmoqdalar.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech