27 Fevral 2021 yil 553

Xorazmda odam savdosiga qarshi kurashishda hamkorlikni yana-da rivojlantirish belgilab olindi

Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi Xorazm viloyati bo‘limi tashabbusi bilan 27 fevral kuni Urganch shahrida “Odam savdosiga qarshi kurashishda hamkorlikni jadallashtirish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Seminarda viloyat ichki ishlar organlari va hamkor tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi masʼul xodimlari ishtirok etdilar.

Dastlab, Xorazm viloyati IIB masʼul xodimi viloyat hududida 2020 yil davomida odam savdosiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Shundan keyin “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining Xorazm viloyati bo‘limi huquqshunosi tomonidan ishtirokchilar eʼtiboriga 2020 yil 17 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Shuningdek endilikda viloyatda odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, odam savdosidan jabr ko‘rgan shaxslarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nodavlat notijorat tashkilotlarning hamkorligini yana-da  rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati  

 

Text to speech