28 Sentyabr 2020 yil 1415

Yuksak mukofot sohiblari:  Hazorasp tumani IIB profilaktika katta inspektori, mayor Umidbek Ro‘zmetov

MUKOFOTGA MUNOSIB YIGIT                

    Hazorasp tumani IIB HPB 176-ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika katta inspektori, mayor Umidbek Ro‘zmetov o‘zining fidoyiligi, kasbiga bo‘lgan sadoqati tufayli hayotda ham o‘z o‘rnini topdi. Xalqning hurmat-eʼtiboriga, eʼzoziga sazovor bo‘ldi.

    Lavhamiz qahramoni ushbu tumandagi “Juvondur” mahallasida tug‘ilib, voyaga yetdi. U ota kasbini davom ettirish niyatida o‘sha paytdagi IIV yong‘in xavfsizligi oliy texnika maktabiga o‘qishga kirdi. Bu yerdagi qatiy tartib-intizom, o‘quv va jangovar mashg‘ulotlari uning hayotiy ko‘nikmalarini yana-da boyitdi. Bilim yurtini muvaffaqiyatli tamomlagan Umidbek Hazorasp tumani IIB HPB profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshladi.

   Unga biriktirilgan tumandagi “Beshta” mahallasi jinoyat sodir etilishi jihatidan ancha tilga tushgan hududlardan biri edi. Bu esa, yosh profilaktika inspektoriga biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Ayniqsa, o‘g‘irlik, giyohvandlik, bezorilik jinoyatlari tez-tez sodir etilayotgan ushbu hudud profilaktika inspektoridan jiddiy ish olib borishni talab  etardi. Shu boisdan u ustozi profilaktika katta inspektori, mayor Oybek Rahimovning nasihatlariga, yo‘l-yo‘riqlariga amal qildi. Leytenant Umidbek Ro‘zmetov ishni giyohvandlik hamda ichkilikka ruju qo‘ygan fuqarolarni majburiy davolash muassasasiga joylashtirishdan boshladi. So‘ngra, muqaddam sudlangan hamda jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan tez-tez suhbatlashib, profilaktik tadbirlar olib bordi. Ularni ishga joylashtirishga, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullantirishga harakat qildi. Mahalla hududida sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izida” fosh etish choralarini ko‘rdi. Mahalla faollari bilan olib borilgan bu hamkorlik tez orada o‘zining ijobiy samarasini bera boshladi. Hududda jinoyat hamda huquqbuzarliklar sodir etilishi yildan-yilga kamaya bordi.

  Profilaktika katta inspektori joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mayda bezorilik, jamoat joylarida spirtli ichimlik isteʼmol qilish, pasport tizimi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etmaslik kabi huquqbuzarliklar sodir etgan 165 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirdi. Uch nafar muqaddam sudlangan shaxslarga maʼmuriy nazorat o‘rnatib, 5 nafar fuqaro maʼmuriy qamoqqa olindi. Spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan 5 nafar shaxs viloyat narkologiya dispanseriga yotqizildi. Huquqbuzarlik sodir qilishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan muntazam ravishda profilaktik suhbatlar olib borildi. Mahalla faollari bilan hamkorlikda 4 ta yosh oilaning ajralib ketishining oldi olindi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan 67 ta ariza va shikoyatlarni o‘z vaqtida qonuniy hal qilib, ularning ijobiy yechim topishini taʼminladi. Hududda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik samarali tashkil etilgani bois, ko‘plab huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olindi va jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

   Profilaktika katta inspektori ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm etilgan mahkumlar bilan ham keng ko‘lamdagi profilaktik tadbirlarni amalga oshirmoqda. 

   Joriy yilning 3 sentyabr kuni tuman IIB probatsiya guruhi hisobida turgan Q. Artur sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tashdan qasddan bosh tortib kelayotgani uchun unga belgilangan jazo turi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish bo‘yicha sud ajrimi chiqarildi.   

    – Profilaktika inspektori huzuriga kelgan har bir kishi undan najot istab keladi, – deydi profilaktika katta inspektori, mayor U. Ro‘zmetov. – Shu  bois, uning ko‘ngliga quloq tutib, yordam berishga, mushkulini oson qilishga harakat qilmog‘imiz kerak. Ana shundagina mahalladagi hamkorlik, bir-birimizga bo‘lgan ishonch, munosabat yana-da mustahkamlanadi. Bunyodkorlik va tadbirkorlik rivojlanadi...

   Mana 12 yildirki, xalq osoyishtaligini taʼminlashdek, sharafli vazifada sidqidildan xizmat qilib qilayotgan, samarali natijalarga erishayotgan mayor Umidbek Ro‘zmetov joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi yakuniga ko‘ra, viloyatdagi eng faol profilaktika inspektori sifatida eʼtirof etildi.

   – Men har kuni farzandimni xizmatga kuzatar ekanman, qalbimda allaqanday ajib tuyg‘ular paydo bo‘ladi, – deydi isteʼfodagi podpolkovnik Jonibek Ro‘zmetov. – Undagi  g‘ayrat-shijoat, kasbiga bo‘lgan intilishni ko‘rib, qalbim g‘urur va iftixorga  to‘ladi. Farzandimning jamiyatga, insonlarga nafi tegayotganidan sevinaman, xursand bo‘laman. Ota-ona uchun bundan-da ulug‘roq baxt bo‘lmasa kerak.    

   Mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami munosabati bilan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlashdagi samarali xizmatlari uchun profilaktika katta inspektori, mayor Umidbek Ro‘zmetov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

                                                                       Xudoybergan JABBOROV,

                                                                              “Postda” muxbiri.

Text to speech